Qisqacha
- Ro‘yxatdan o‘tish shart emas. Ma’lumotlaringiz sukut bo‘yicha faqat telefoningizda saqlanadi.
- Bulutli zaxira ixtiyoriy. Uni o‘zingiz yoqsangizgina ma’lumotlaringiz nusxasi Sajda serveriga yuboriladi.
- Reklama yo‘q. Analitika va kuzatuv xizmatlari yo‘q. Ma’lumotlarni sotmaymiz.
- Joylashuv faqat Qibla yo‘nalishi uchun, telefonning o‘zida ishlatiladi.
- Zaxirani istalgan vaqtda ilovaning o‘zida o‘chirishingiz mumkin.
Hisob va ma’lumotlarni o‘chirish
1. Biz kimmiz
Sajda — qazo namozlarini hisoblash va kuzatish uchun ilova. Uni Muhammadumar Davlatov (mustaqil dasturchi) ishlab chiqqan va qo‘llab-quvvatlaydi. Bu siyosatda “biz” deganda shu dasturchi tushuniladi.
Siyosat Google Play’dagi Sajda ilovasining Android versiyasiga (paket nomi uz.sajda.app) va ilova ulanadigan Sajda serveriga tegishli.
Savollar bo‘lsa, yozing: support@qazo-namoz.uz.
2. Telefonda qoladigan ma’lumotlar
Ilovaga kiritgan hamma narsangiz telefoningizda, ilovaning shaxsiy xotirasida (SQLite bazasi) saqlanadi. Boshqa ilovalar uni o‘qiy olmaydi. Baza alohida shifrlanmaydi, uni Android’ning ilovalarni bir-biridan ajratadigan himoyasi saqlaydi. Ilova ishlashi uchun hisob ham, internet ham kerak emas.
Telefonda saqlanadi:
- qazo hisob-kitobi uchun kiritganlaringiz: usul, jins, balog‘at sanasi (yoki tug‘ilgan sana va balog‘at yoshi), namozni muntazam boshlagan sana, o‘qilmagan davrlar, ayollar uchun hayz va nifos kunlari, tug‘ishlar soni;
- o‘qilgan qazolar: +1 lar, kalendar belgilari, kunlik sonlar va statistika;
- kunlik maqsad, eslatmalar, til va ko‘rinish sozlamalari;
- zikrlar, o‘zingiz qo‘shgan zikr nomlari va sanoqlar;
- Qibla uchun tanlangan shahar yoki GPS bilan aniqlangan joy;
- bosh ekran vidjeti uchun bugungi sonlarning kichik nusxasi;
- zaxira yoqilgan bo‘lsa: serverdagi hisob raqami, oxirgi nusxa vaqti va kirish tokeni (8-bo‘lim).
Baza, vidjet nusxasi va rejalashtirilgan eslatmalar (vaqti va matni, masalan, kunlik maqsad soni) telefonning Google’dagi avtomatik bulutli zaxirasiga tushmaydi.
Yangi Android telefonga kabel yoki Wi‑Fi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chirsangiz, baza va vidjet nusxasi yangi telefonga o‘tishi mumkin. Kirish tokeni o‘tmaydi.
Ilovani telefondan o‘chirsangiz yoki Profil → Barcha ma’lumotlarni o‘chirish ni bossangiz, ular telefondan o‘chadi.
Eksport. Profil → Eksport va import orqali ma’lumotlaringizni fayl (JSON) yoki PDF hisobot qilib saqlashingiz mumkin. Faylni qayerga yuborishni tizimning “Ulashish” oynasida o‘zingiz tanlaysiz, bizga hech narsa kelmaydi. Ulashish uchun yaratilgan vaqtinchalik nusxalarni ilova keyin o‘chiradi.
3. Bulutli zaxira (ixtiyoriy)
Zaxira sukut bo‘yicha o‘chiq. U faqat siz Profil → Zaxirani yoqish → Google bilan davom etish ni bossangiz yoki yangi telefonda Zaxiradan tiklash ni tanlab, Google hisobingiz bilan kirsangiz ishga tushadi. Zaxira yoqilmasa, ilova serverga hech qanday qazo, zikr yoki sozlama ma’lumotini yubormaydi.
Zaxira yoqilganda serverda nima saqlanadi
Zaxira — telefondagi ma’lumotlaringizning bitta nusxasi. Serverda u hisobingizga bog‘lanib saqlanadi:
- Hisob: serverning tasodifiy hisob raqami, hisob ochilgan sana, foydalanish boshlangan kun, oxirgi nusxa vaqti va nusxaning tartib raqami.
- Google bilan bog‘lanish: Google hisobingizning o‘zgarmas raqami (identifikatori) va bog‘langan sana (4-bo‘lim).
- Sozlamalar: telefoningizning vaqt mintaqasi (masalan, Asia/Tashkent), til, ko‘rinish, kunlik maqsad, eslatmalar (yoqilgan-o‘chiqligi, vaqti, ovoz, tebranish), avtomatik zaxira yoqilgan-o‘chiqligi.
- Qazo hisob-kitobi uchun kiritganlaringiz: usul; jins; balog‘at sanasi yoki tug‘ilgan sana va balog‘at yoshi; namozni muntazam boshlagan sana; o‘qilmagan davrlar sanalari; “Sonini o‘zim bilaman” usulidagi sonlar; ayollar uchun oyiga hayz kunlari, tug‘ishlar soni va har bir tug‘ishdagi nifos kunlari soni.
- Natijalar: har bir namoz bo‘yicha qarz va o‘qilganlar soni, kalendar belgilari, kunlik o‘qilgan sonlar tarixi (sana va sonlar).
- Zikrlar: nomlari (o‘zingiz qo‘shganlari ham), maqsadi va kunlik sanoqlari.
- Reja tarixi: har bir yuklangan nusxa bilan hisob-kitob ma’lumotlari (yuqoridagi sanalar va sonlar) va o‘sha paytdagi jami sonlarning qisqa yozuvi qo‘shiladi. Eski yozuvlar o‘chirilmaydi: ular hisob o‘chirilguncha to‘planib boradi va hisob bilan birga o‘chadi.
- Sessiya: hisobdan chiqib ketmaslik uchun server kirish tokenining o‘zini emas, faqat uning xeshini (SHA-256), berilgan, tugash va bekor qilingan vaqtini saqlaydi.
Serverga yuborilmaydi: Qibla joylashuvi, vidjet ma’lumotlari, eksport fayllari, telefon modeli, telefon raqami, kontaktlar, reklama identifikatori.
Bu ma’lumotlar diniy amalingizga oid. Ayollar uchun ular sog‘liq bilan bog‘liq ma’lumotni ham (hayz kunlari, tug‘ishlar soni) o‘z ichiga olishi mumkin. Shuning uchun zaxira ixtiyoriy: uni yoqmasangiz, bu ma’lumotlar telefoningizdan chiqmaydi.
Qachon yuboriladi
- zaxirani yoqqaningizda (birinchi nusxa);
- Hozir nusxalash ni bosganingizda;
- Avtomatik zaxira yoqilgan bo‘lsa: kuniga ko‘pi bilan bir marta, faqat Wi‑Fi yoki Ethernet orqali va ma’lumot o‘zgargan bo‘lsagina. Ilova buni o‘zi ochilganda yoki unga qaytganingizda tekshiradi, fon rejimida yubormaydi;
- boshqa telefon saqlagan nusxa bilan farq chiqqanda Almashtirish ni tanlasangiz (serverdagi nusxa shu telefondagisi bilan almashadi);
- Zaxiradan tiklash da nusxa serverdan telefonga yuklab olinadi.
Zaxira ekrani ochilganda ilova serverdan faqat nusxaning holatini (tartib raqami va vaqtini) so‘raydi, ma’lumot yubormaydi.
Kim ko‘ra oladi
Zaxirangizni boshqa foydalanuvchilar ko‘ra olmaydi: server har bir so‘rovni faqat o‘sha hisobning ma’lumotlari bilan cheklaydi. Server bazasini dasturchi (server administratori) boshqaradi va texnik jihatdan uni o‘qiy oladi. Biz ma’lumotlaringizni faqat xizmat ishlashi, xatolarni tuzatish yoki sizning so‘rovingizni bajarish uchun ko‘ramiz.
Sajda serveri Contabo hosting kompaniyasidan ijaraga olingan virtual serverda (VPS) ishlaydi, ma’lumotlar shu serverning diskida saqlanadi. Uskunani hosting kompaniyasi boshqaradi. Biz unga ma’lumotlaringizni boshqa hech qanday maqsadda bermaymiz. Server siz yashaydigan mamlakatdan boshqa mamlakatda joylashgan bo‘lishi mumkin.
4. Google bilan kirish
Android versiyasida zaxira faqat Google hisobi bilan ishlaydi. Apple bilan kirish bu versiyada yo‘q.
- Kirish oynasini Google’ning o‘zi ko‘rsatadi. Hisobni siz tanlaysiz, parolingiz bizga ko‘rinmaydi. Bu bosqichda Google’ning maxfiylik siyosati amal qiladi.
- Google ilovaga imzolangan kirish tokenini (ID token) beradi. Bunday tokenda Google hisobingizning o‘zgarmas raqami bo‘ladi, odatda email manzilingiz, ismingiz va profil rasmingiz havolasi ham bo‘ladi.
- Ilova bu tokenni saqlamaydi. Email, ism va rasmni ko‘rsatmaydi va eslab qolmaydi. Token faqat Sajda serveriga, hisobni tekshirish uchun yuboriladi.
- Server tokenning Google imzosini tekshiradi va undan faqat hisobning o‘zgarmas raqamini oladi. Serverda faqat shu raqam, “google” belgisi va bog‘langan sana saqlanadi. Email, ism va rasm serverda saqlanmaydi.
- Ilova Google’dan kontaktlar, Google Drive yoki boshqa qo‘shimcha ruxsatlarni so‘ramaydi.
- Hisobni sayt orqali o‘chirishda (qazo-namoz.uz/hisobni-ochirish) ham Google bilan kirasiz. Kirish tugmasini Google’ning o‘z serveri yuklaydi. Sayt tokenni faqat Sajda serveriga yuboradi va brauzerda hech narsa saqlamaydi. Server shu so‘rov uchun vaqtinchalik sessiya ochadi: u hisob bilan birga o‘chadi, bekor qilsangiz darhol yopiladi. Server logiga odatdagidek IP manzil va brauzer nomi yoziladi (7-bo‘lim).
5. “Savol yuborish”
Profil → Savol-javob → Savol yuborish orqali yozgan savolingiz (3–120 belgi) Sajda serveriga yuboriladi va yuborilgan vaqti bilan saqlanadi.
- Savol hisobsiz va tokensiz yuboriladi: bazada u hech qaysi hisobga yoki zaxiraga bog‘lanmaydi. Shuning uchun javobni shaxsan sizga yubora olmaymiz.
- Savolga ismingiz, telefon raqamingiz yoki boshqa shaxsiy ma’lumotni yozmang.
- Savollarni biz o‘qiymiz va ilovani (masalan, Savol-javob bo‘limini) yaxshilash uchun ishlatamiz.
- Savollar avtomatik o‘chirilmaydi, biz o‘chirgunimizcha saqlanadi. Hisobga bog‘lanmagani uchun hisob o‘chirilganda ular o‘chmaydi. Biror savolingizni o‘chirishni xohlasangiz, uning matnini va taxminiy sanasini bizga yozing.
- Bu so‘rov ham boshqa so‘rovlar kabi server logiga IP manzil va vaqt bilan yoziladi, savol matni logga yozilmaydi (7-bo‘lim).
6. Boshqa tarmoq so‘rovlari
- Profil yoki Savol-javob birinchi marta ochilganda ilova serverdan “Biz bilan bog‘lanish” havolalarini so‘raydi (ilova har ishga tushganda bir marta). Bu so‘rovda hech qanday identifikator yoki token yo‘q.
- “Biz bilan bog‘lanish” havolalari Telegram, Instagram yoki saytni o‘z ilovasida yoki brauzerda ochadi. U yerda o‘sha xizmatlarning qoidalari amal qiladi.
- Ilovani o‘rnatish va yangilashni Google Play bajaradi. Bunda Google’ning maxfiylik siyosati amal qiladi.
7. Server loglari
Sajda serveri oldida veb-server (Caddy) turadi. U har bir so‘rov uchun log yozadi:
- IP manzil;
- sana va vaqt;
- so‘rov turi va yo‘li (masalan,
/v1/support/questions), javob kodi, hajmi va davomiyligi; - so‘rov sarlavhalari, jumladan User-Agent. Ilova uchun bu umumiy qiymat (masalan,
Dart/3.13 (dart:io)), unda telefon modeli yo‘q.
Kirish tokeni (Authorization sarlavhasi) logda yashiriladi. So‘rov tanasi (ma’lumotlaringiz, savol matni, Google tokeni) logga yozilmaydi.
Sajda server dasturining o‘z logida faqat so‘rov turi, yo‘li, javob kodi, vaqti va (zaxira so‘rovlarida) serverning tasodifiy hisob raqami bor. IP manzil, sarlavhalar, tokenlar va ma’lumotlaringiz u yerga yozilmaydi. Server xatosi bo‘lsa, xatoning texnik tavsifi ham yoziladi.
Ma’lumotlar bazasi (PostgreSQL) ham o‘z texnik logini yozadi. Unda asosan xatolar bo‘ladi; kamdan-kam hollarda xatoga sabab bo‘lgan qiymat (masalan, hisob raqami) ham yozilishi mumkin.
Saqlash muddati. Loglar uchun aniq muddat belgilanmagan. Ular hajm bo‘yicha aylanadi: har bir xizmat (veb-server, server dasturi, baza) uchun taxminan 30 MB gacha (10 MB lik 3 ta fayl), undan eskilari avtomatik o‘chiriladi. So‘rovlar kam bo‘lsa, log qatorlari bir necha hafta yoki oy turishi mumkin.
Server dasturining yangi versiyasini o‘rnatishda xato bo‘lsa, uning logining oxirgi qatorlari (100 tagacha) dasturchining GitHub’dagi o‘rnatish jurnaliga ham tushadi. GitHub bunday jurnallarni o‘z qoidalariga ko‘ra (odatda 90 kungacha) saqlaydi.
Loglarni faqat xavfsizlik (masalan, suiiste’molni to‘xtatish) va xatolarni tuzatish uchun ishlatamiz. Ular reklama yoki profil tuzish uchun ishlatilmaydi.
Juda ko‘p so‘rovlarni cheklash uchun IP manzil server xotirasida qisqa vaqt (ko‘pi bilan bir soat) turadi va diskka yozilmaydi.
Telefonda ilova faqat tizim xatolarini yozadi (shaxsiy ma’lumotsiz) va ularni hech qayerga yubormaydi.
8. Xavfsizlik
- Ilova serverga faqat HTTPS (shifrlangan ulanish) orqali ulanadi.
- Zaxira sessiyasining tokeni telefonda Android Keystore kaliti bilan shifrlangan xotirada turadi, ilova bazasida emas. U telefon zaxirasiga va boshqa telefonga ko‘chmaydi, shuning uchun yangi telefonda qaytadan kirasiz. Qisqa muddatli kirish tokeni (15 daqiqa) faqat operativ xotirada turadi.
- Serverda uzoq muddatli kirish tokenining o‘zi emas, faqat xeshi saqlanadi. Token har yangilanishda almashadi. Eski token keyinroq qayta ishlatilsa, server shu kirishni bekor qiladi.
- Ma’lumotlar bazasi internetga ochiq emas, unga faqat serverning ichki tarmog‘i orqali ulaniladi.
Hech bir tizim to‘liq xavfsiz emas. Lekin ma’lumotlaringizni himoya qilish uchun yuqoridagi choralarni ko‘ramiz.
9. Saqlash muddati
| Ma’lumot | Qayerda | Qancha saqlanadi |
|---|---|---|
| Ilovadagi barcha ma’lumotlar | Telefoningizda | O‘zingiz o‘chirguningizcha yoki ilovani o‘chirguningizcha |
| Zaxira nusxasi, hisob va reja tarixi | Sajda serveri | Zaxirani o‘chirguningizcha yoki o‘chirishni so‘raguningizcha. Uzoq ishlatilmasa ham avtomatik o‘chmaydi |
| Sessiya yozuvlari | Sajda serveri | Ko‘pi bilan 180 kun; bekor qilinganlari 30 kundan keyin o‘chadi; hisob o‘chirilsa, darhol |
| Nusxa ikki marta yozilmasligi uchun texnik yozuvlar | Sajda serveri | Taxminan 24 soat |
| Server bazasining zaxira nusxalari | Shu serverning o‘zida | Ko‘pi bilan 15 kun: har kuni yangi nusxa olinganda 14 kundan eskilari avtomatik o‘chiriladi |
| Savollar | Sajda serveri | Avtomatik o‘chmaydi, biz o‘chirgunimizcha |
| Server loglari | Sajda serveri | Aniq muddat yo‘q, hajm bo‘yicha aylanadi (har bir xizmat uchun taxminan 30 MB) |
| Bizga yozgan xatlaringiz | Bizning pochtamiz | Javob berish uchun kerak bo‘lguncha; so‘rasangiz, o‘chiramiz |
Server bazasining nusxalari server buzilganda ma’lumotlarni tiklash uchun olinadi. Shuning uchun o‘chirilgan ma’lumot shu nusxalarda yana ko‘pi bilan 15 kun qolishi mumkin.
10. Ma’lumotlarni o‘chirish
- Faqat serverdagi zaxirani o‘chirish: Profil → Boshqarish → Zaxirani o‘chirish → O‘chirish. Serverdagi hisob va nusxa darhol o‘chadi, telefondagi ma’lumotlar qoladi.
- Ilova qayta kirishni so‘rasa, aynan zaxira yoqilgan Google hisobini tanlang. Boshqa hisob tanlansa, serverdagi zaxira o‘chmay qolishi mumkin.
- Hammasini o‘chirish: Profil → Barcha ma’lumotlarni o‘chirish → O‘chirish. Zaxira yoqilgan bo‘lsa, avval serverdagi hisob, keyin telefondagi ma’lumotlar o‘chadi.
- Ilovani o‘chirish serverdagi zaxirani o‘chirmaydi. Avval ilovada zaxirani o‘chiring.
Batafsil, jumladan eski telefon yo‘q bo‘lsa yoki ilovasiz email orqali so‘rash: Hisob va ma’lumotlarni o‘chirish.
11. Joylashuv (Qibla)
- Qibla bo‘limida Joriy joylashuvni aniqlash ni bossangizgina ilova joylashuv ruxsatini so‘raydi.
- Faqat taxminiy joylashuv (
ACCESS_COARSE_LOCATION) so‘raladi, aniq joylashuv so‘ralmaydi. - Joylashuv telefonning o‘zida Qibla yo‘nalishini va eng yaqin shaharni hisoblash uchun ishlatiladi. Keyingi safar ko‘rsatish uchun u telefondagi bazada saqlanadi.
- Joylashuv serverga yuborilmaydi, zaxiraga va eksport fayliga kirmaydi.
- Ruxsat bermasangiz ham, shaharni ro‘yxatdan qo‘lda tanlashingiz mumkin. Ruxsatni Android sozlamalarida istalgan vaqt bekor qilasiz.
- Joylashuvni Android tizimi aniqlaydi. Bunga telefoningiz sozlamalari va Google’ning joylashuv xizmatlari qoidalari amal qilishi mumkin.
- Kompas uchun telefon sensorlari (magnitometr, akselerometr) faqat telefonda ishlatiladi.
12. Eslatmalar
- Eslatmalar telefonning o‘zida rejalashtiriladi (mahalliy bildirishnomalar). Push-xizmat ishlatilmaydi, serverdan xabar kelmaydi.
- Android 13 va undan yangi versiyalarda bildirishnoma ruxsati so‘raladi.
- Eslatmalarni Profil → Eslatmalar da yoki Android sozlamalarida o‘chirasiz.
13. Ilova ruxsatlari
- Internet va tarmoq holati — zaxira, “Savol yuborish” va bog‘lanish havolalari uchun; avtomatik zaxira faqat Wi‑Fi’da ishlashi uchun tarmoq turi telefonda tekshiriladi.
- Bildirishnomalar, telefon yoqilgandan keyin ishga tushish, tebranish — eslatmalar uchun; telefon qayta yoqilganda eslatmalar qayta rejalashtiriladi.
- Taxminiy joylashuv — faqat Qibla uchun (11-bo‘lim).
Ilova kamera, mikrofon, kontaktlar, SMS yoki fayllaringizga kirish ruxsatini so‘ramaydi. Import uchun faylni tizim oynasida o‘zingiz tanlaysiz.
Google Play’dagi ruxsatlar ro‘yxatida ilova kutubxonalari qo‘shgan texnik ruxsatlar ham ko‘rinishi mumkin (masalan, fon ishlari, Google Play to‘lov xizmati, biometrik qurilma). Bu versiyada ilova xarid qilmaydi va biometrik tekshiruvni ishlatmaydi.
14. Reklama, analitika va sotish
- Ilovada reklama yo‘q.
- Ilovada analitika, kuzatuv yoki xato hisobotlari uchun uchinchi tomon xizmatlari (SDK) yo‘q.
- Google bilan kirish Google Play xizmatlari orqali ishlaydi, joylashuvni ham odatda ular aniqlaydi. Ular uchun Google’ning o‘z qoidalari amal qiladi.
- Reklama identifikatori ishlatilmaydi.
- Ma’lumotlaringizni sotmaymiz, ijaraga bermaymiz va reklama uchun boshqalarga bermaymiz.
- Bu versiyada ilova ichida xarid va obuna yo‘q.
- Ma’lumotlarni faqat qonun talab qilgan hollarda, vakolatli organning qonuniy so‘roviga ko‘ra berishimiz mumkin.
15. Bolalar
Sajda 13 yoshdan kichik bolalarga mo‘ljallanmagan. Biz bolalardan ataylab ma’lumot yig‘maymiz. Bolangiz zaxirani yoqqanini bilsangiz, uni ilovada o‘chirishingiz mumkin (10-bo‘lim) yoki bizga yozing, o‘chirishga yordam beramiz.
16. Huquqlaringiz
- Ko‘rish: asosiy ma’lumotlaringizni (hisob-kitob, natijalar, kunlik sonlar, sozlamalar, zikrlar) Eksport fayli orqali ko‘rishingiz mumkin. Serverdagi zaxira shu ma’lumotlardan va 3-bo‘limda sanalgan qo‘shimcha yozuvlardan (vaqt mintaqasi, reja tarixi, hisob va sessiya yozuvlari) iborat.
- Tuzatish: ma’lumotlarni ilovada o‘zgartirasiz, keyingi nusxa serverdagisini yangilaydi.
- O‘chirish: 10-bo‘lim va o‘chirish sahifasi.
- Rozilikni qaytarib olish: zaxirani o‘zingiz yoqasiz. Zaxirani o‘chirish serverdagi nusxani o‘chiradi, ilova esa telefonda ishlashda davom etadi.
Savol yoki e’tirozingiz bo‘lsa, bizga yozing. Yashash mamlakatingizdagi shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish organiga murojaat qilish huquqingiz ham bo‘lishi mumkin.
Bizga email yozsangiz, email manzilingiz va xatingiz bizga keladi. Ularni faqat javob berish uchun ishlatamiz.
17. Siyosatdagi o‘zgarishlar
Siyosatni yangilasak, yangi matnni shu sahifada joylaymiz va yuqoridagi sanani o‘zgartiramiz. Ilova serverga ko‘proq ma’lumot yuboradigan bo‘lsa, buni avval shu siyosatda yozamiz.
18. Bog‘lanish
Dasturchi: Muhammadumar Davlatov
Email: support@qazo-namoz.uz